Mamlakatimizda uni evolyutsion rivojlantirish modelining o’zimiz tanlab olgan eng muhim prinsipi – “Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga o’tish” prinsipi faol amalga oshirilmoqda. Bu prinsip fuqarolik jamiyati institutlarining rolini yanada oshirishga va ularni faollashtirishga qaratilgandir. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining o’n olti yilligiga bag’ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida mamlakatni boshqarishda fuqarolarning rolini oshirish borasidagi vazifalar haqida gapirib, “bu eng avvalo, davlatning rolini izchillik bilan kamaytirib borish va ayni vaqtda fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari – mahallalarning funksiyalari hamda vakolatlarini kengaytirish, turli aholi qatlamlari va guruhlarining haqiqiy manfaatlarini ifodalaydigan va himoya qiladigan siyosiy va ijtimoiy institutlar, nodavlat notijorat tuzilmalar rolini oshirish masalalaridan iborat” ekanligini alohida ta’kidladi. “Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirish va ularning davlat organlari bilan o’zaro munosabatlarini muvofiqlashtirish” mavzui 2009 yil 9 yanvarda Respublika “Mahalla” xayriya jamg’armasida bo’lib o’tgan ilmiy-amaliy konferensiyada muhokama mavzui bo’ldi. Konferensiya O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo’mitasi tomonidan O’zbekiston Respublikasining “Mahalla” xayriya jamg’armasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Konferensiyada mahalla qadimiy va noyob milliy nodavlat institutlardan biri bo’lib, u mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq mahalliy o’zini o’zi boshqarish organi sifatida rivojlanib va mustahkamlanib borganligi qayd etildi. Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari faoliyatini tartibga soluvchi “Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari to’g‘risida”gi va “Fuqarolar yig’ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to’g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi qonunlari qabul qilindi. Hozir mamlakatimizda o’n mingdan ortiq fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari faoliyat ko’rsatmoqda. Bu organlar aholini ijtimoiy-siyosiy hayotga keng jalb etish, ma’naviy–ma’rifiy ishlarni kuchaytirish, oilalarda tinchlik-totuvlikni saqlash, kam ta’minlangan oilalar va nogironlarga moddiy yordam ko’rsatish, hududlarni obodonlashtirish ishlarini amalga oshirmoqda, shuningdek, fuqarolik institutiga xos bir qator boshqa tadbirlarni tashkil etmoqda. Konferensiya qatnashchilari jamiyatni demokratlashtirish va yangilashda, mamlakatni isloh qilish va modernizatsiyalashda yuz berayotgan jarayonlarni, bu sohada to’plangan tajribani hisobga olib, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirish, shuningdek, demokratik institutlar faoliyatining qonunchilik bazasini kengaytirish zarurligini ko’rsatib o’tdilar. Konferensiyada so’zga chiqqan olimlar, amaliyotchilar va mutaxassislar fuqarolar o’zini o’zi boshqarish organlarining tashkiliy-boshqaruv tuzilmalarini yanada takomillashtirish, ularning moliyaviy, moddiy-texnikaviy, kadrlar sohasidagi hamda axborot resurslarini kengaytirish, kadrlar tayyorlash va ularni qayta tayyorlash tizimini tashkil etish, fuqarolar o’zini o’zi boshqarish organlarining tadbirkorlik va pulli xizmatlar ko’rsatish sohasidagi faoliyatini rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar. Konferensiya qatnashchilari fuqarolar o’zini o’zi boshqarish organlarining davlat organlari bilan o’zaro munosabatlarini muvofiqlashtirishni chuqurlashtirish hamda bu sohadagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish sohasidagi dolzarb masalalarga e’tiborni qaratdilar. Masalani keng muhokama qilish asnosida konferensiya qatnashchilari mamlakatimizni faol isloh qilish va modernizatsiyalash jarayonida fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari rolini hamda vakolatlarini kuchaytirish vazifalarini hal qilishga qaratilgan tavsiyalarni qabul qildilar. Konferensiya ishida senatorlar va O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, O’zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari, Bosh prokuraturasining vakillari, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, Toshkent davlat yuridik instituti, Fuqarolik jamiyatini o’rganish instituti, «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o’rganish markazining olimlari va mutaxassislari, shuningdek, “Mahalla” xayriya jamg’armasi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdilar. Ziyonet.uzdan ko'chirma
|